Willkommen auf den Seiten des Auswärtigen Amts

Germaniya birligi kuni

Germaniya birligi kuni 

Germaniya birligi kuni , © Germaniya elchixonasi

21.10.2024 - Artikel

Bu yil Germaniya birligi kuni munosabati bilan elchixonanining qabul marosimi 9-oktabr kuni Berlin Adliya senatori dr. Badenberg ishtirokida bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov faxriy mehmon bo'ldi. Elchi Manfred Hutererning tadbir nutqini  quyida keltiramiz.


Assalomu alaykum, hayrli oqshom,

Hurmatli Bosh vazir, hurmatli senator xonim, Janobi Oliylari va Xonim Oliyalari, hurmatli mehmonlar, xonimlar va janoblar!

Bugun oqshom sizni Germaniya birligi kuni munosabati bilan qutlash imkoniyatidan mamnunman.

3-oktabr biz nemislar uchun o‘ziga xos kun. 1990-yil 3-oktabr kuni bir necha o’n yilliklar davomida ikkiga bo‘lingan Germaniya tinch yo‘l bilan, qo‘shni va sheriklarimiz roziligida birlashdi.

3-oktabr bu quvonch kuni. Germaniya sharqidagi tinch inqilob qayta birlashish uchun imkon yaratdi. Sharqiy Germaniyadagi vatandoshlarimiz jasorati tom ma’noda devorlarni qulatdi.

Germaniyaning bir davlatga birlashishi davlatni boshqarishdagi ulkan diplomati san’atni namoyish qiluvchi harakat ham edi. U esa, birinchi navbatda, ishonchga tayanar edi. Birlashgan Germaniya ham tinch davlat bo‘lishida biz nemislarga ishongan xalqaro hamkorlarimizdan minnatdormiz. Ma’lumki, o‘sha paytda hukmronlik qilgan cheksiz ishonch allaqachon yo‘qotilgan. Bugun Yevropa qit’asi va dunyoning turli joylarida ishonchsizlik hukm surmoqda. Yangi “jarliklar” nafaqat davlatlar, balki jamiyatlar o‘rtasida ham paydo bo‘lmoqda. Rossiyaning Ukrainaga qarshi ulkan azob-uqubatlar keltirgan urushi ikki yarim yildan beri davom etmoqda. Yevropa janubidagi qo’shnilar va Yaqin Sharq mamlakatlari vayronagarchilik, nafrat va urushdan aziyat chekmoqda.

Shu bilan birga, biz global xavfsizlik va farovonlik uchun eng katta tahdid bo‘lmish iqlim o‘zgarishi oqibatlariga duch kelishda davom etmoqdamiz. Dunyo Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan beri yuzaga kelgan eng katta sinov qarshisida turibdi.

Ushbu chaqiruvlarni biz faqat hamjihatlikda yengishimiz mumkin. Shuning uchun Germaniya va Yevropa Ittifoqi xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Duch kelayotgan turli muammolarni hal qilishimiz uchun davlatlar hamkorlik qilishlari lozim, Germaniya va Yevropa Ittifoqiga barqaror, ishonchli va uzoq muddatli sheriklar kerak. Ishonchim komilki, Germaniya va Yevropa Ittifoqi uchun O‘zbekiston aynan shunday hamkor.

Markaziy Osiyoning yuragi bo‘lmish yangi O‘zbekiston dunyoga ochilishda davom etmoqda, o‘zining ambitsiyali islohotlar siyosatini davom ettirmoqda va hayratlanarli natijalarga erishdi. U ta’sirli tarzda dunyo xaritasida o‘z o‘rnini egalladi. Germaniyaning O‘zbekiston bilan munosabatlari oxirgi yillarda barcha sohalarda chuqurlashdi. Prezident Mirziyoyev va Bosh vazir Aripovning o‘tgan yili Germaniyaga, Federal Kansler Sholzning bir necha hafta avval Samarqandga tashriflari munosabatlarimizga yangicha qamrov bag‘ishladi. Qisqasi: Germaniya-O‘zbekiston munosabatlari hech qachon bugungidek yaxshi bo‘lmagan.

Federal Kanslerning Samarqandga tashrifi chog‘ida bir qator juda muhim shartnomalar imzolandi. Ular qatoriga, xususan, iqtisodiyotlarimizni mustahkamlaydigan, jamiyatlarimizni yaqinlashtiradigan migratsiya shartnomasi ham kiradi. Shu bilan birga biz iqtisodiy hamkorlik doirasidagi strategik loyihalarni ilgari surmoqchimiz.

Yaxshi xabar shundan iboratki, hamkorlik salohiyati hali ancha keng. Biz barqaror iqtisodiy rivojlanish, ta’lim va mutaxassislar tayyorlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, atrof-muhit va energetika siyosati, transport koridorlarini rivojlantirish yoki ekstremizm va boshqa xavfsizlik tahdidlarini oldini olish va ularga qarshi kurashish kabi sohalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirishni istaymiz.

Xonimlar va janoblar,

O‘zbekiston hukumati islohotlarni mamlakat ichidagina davom ettirmoqchi emas. Hukumat Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik uchun muhim turtki berishda davom etmoqda. Germaniya bu jarayonni, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik mintaqaviy sheriklik doirasida qo‘llab-quvvatlaydi. Yaqinda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “5 + 1” formatidagi sammit bu ham-korlik kelajakka yo‘naltirilganligini va undan barcha manfaatdor ekanini ko‘rsatdi.

Ishonchim komilki, Markaziy Osiyo mintaqasi ahamiyati mintaqa chegaralaridan ancha uzoqda ham his etiladigan xalqaro hamkorlikning yangi platformasiga aylana oladi. Bu platforma mintaqa ichidagi va tashqarisidagi davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni kuchaytirmaydigan, aksincha ularni yumshatadigan bo‘ladi. U xalqaro hamkorlik va manfaatlar muvozanati shu qadar ishonchli amalga oshiriladigan platforma bo‘ladiki, ushbu mintaqah, umuman olganda, barqarorlashtiruvchi ta’sir kuchiga ega bo´ladi.

Xonimlar va janoblar, aziz mehmonlar,

O‘z fidoyiligi va sa‘y-harakatlari bilan ushbu hamkorlikni qo‘llab-quvvatlayotgan insonlarsiz O‘zbekiston-Germaniya munosabatlari qanday bo‘lar edi? Shu bois bugun oqshom Germaniyaning GIZ, KFW, AHK kabi kompaniya va institutlari, siyosiy jamg‘armalari, shuningdek, Gyote instituti vakillarini va ularning O‘zbekistonlik hamkor tashkilotlarini qutlash imkoniyatidan juda mam-nunman.

Shaxsiy uchrashuvlar munosabatlarimizning muhim poydevoridir. Bular sarasiga Germaniya va O‘zbekiston viloyat va federal o‘lkalari hamda shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik ham kiradi. Shu bois bugun oqshom Toshkentning qardosh shahri Berlindan senatorni qutlash imkoniga ega bo‘lganimdan juda mamnunman. Berlinda Germaniyaning bo‘linishi boshlangan, ammo Berlin hech bir boshqa shahar kabi Germaniya va Yevropa qit’asi bo‘linishini yengish ramziga aylangan shahardir. Sizning Toshkentga tashrifingiz Germaniya-O‘zbekiston munosabatlari asoslarini yanada mustahkamlash uchun muhim belgidir.

nach oben