Tashqi ishlar sahifasiga xush kelibsiz

Elchi Manfred Xutererning Xalqaro Xolokost qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan nutqi

Elchi Manfred Xuterer Xalqaro Xolokost qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida nutq so´zladi

Elchi Manfred Xuterer Xalqaro Xolokost qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida nutq so´zladi, © Toshkentdagi Germaniya elchixonasi

28.01.2025 - Maqola

Xalqaro Xolokost qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan 2025-yil 27-yanvarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va Isroil elchixonasi tomonidan o’tkazilgan tadbirda „Anna Frankning kundaligi“ nomli kitobning o‘zbek tilidagi taqdimoti hamda „YORUG‘LIK NURLARI“ – XOLOKOST DAVRIDAGI AYOL TAQDIRI“ fotoko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi. 

 

Elchi Manfred Xutererning Xalqaro Xolokost qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan nutqi

Hurmatli janob vazir o´rinbosari,

Hurmatli janob elchi Lustig,

hurmatli O’zbekiston yahudiy jamiyati vakillari vakillari,

hurmatli xonimlar va janoblar,

bugun bu yerda bo’lish va sizga Germaniya elchisi sifatida nutq so’zlash imkoniyatini o’zim uchun tuhfa va sharaf deb bilaman.

80 yil muqaddam shu kuni sovet askarlari Osvensim nemis o’lim lagerining omon qolgan mahbuslarini ozod qilishdi. Bu joy nomining o’zigina nemislarning yahudiylarga va boshqa ko’plab odamlarga qarshi qilgan vahshiy va kechirilmas jinoyatlarini o’z ichiga olgan sinonimga aylandi. Osvensimning ozod etilishi bilan Germaniya tomonidan boshlangan Ikkinchi Jahon va Sovet Ittifoqiga qarshi qirg’in urushi hamda Yevropaga, Sovet Ittifoqi xalqlariga va butun dunyoga keltirgan cheksiz azob-uqubatlar urushi o’z nihoyasiga yetay deb qoldi.

Nemislar irqiy vasvasada 6 millionga yaqin yahudiy e’tiqoddagi va kelib chiqishi yahudiy bo’lgan insonlarni qasddan va tizimli ravishda va Germaniya nomidan o’ldirgan. Yovuz nafrat tufayli nemislar sinti va romalarni, kasallarni, nogironlarni, jinsiy ozchilik vakillarini va milliy sotsializmni rad etganlarni ham o’ldirishdi. Va o’ldirilganlarning hech biri uning xotirasini doimiy eslatib turishi mumkin bo’lgan  qabrga ega bo’lmagan.

Shuning uchun bugungi kabi tadbirlarda bu jinoyatlarni eslab o’tish juda muhimdir. Nemislar tomonidan insoniyatga qarshi sodir etilgan jinoyatlar deyarli tasavvur qilib bo’lmaydigan darajada va nemislar keltirgan azob-uqubatlar beqiyos bo’lganligi sababli, bu jinoyatlarni sinchkovlik bilan o’rganish va azob-uqubatlarni aniq sanab o’tish juda muhimdir. Hech qachon ulg’aymagan bolalar hikoylarini eslash zarur. Anne Frank ana shunday bolalardan biri edi. Anna va uning oilasi ta’qib etildi. Ular yashirinishga majbur bo’ldilar. Ular xiyonatga uchrab, Osvensimga surgun qilindilar. Anna Frank, uning singlisi Margo va ularning onasi Edit nemislar tomonidan o’ldirildi. Uning otasi Otto tirik qoldi, lekin farzandlarining ulg’ayishini ko’ra olmadi. U boshqa hech qachon ular bilan o’ynay olmadi. U boshqa hech qachon xotinini bag’riga bosa olmadi.

Biz bu hikoyalarni va har bir kishining alohida hikoyasini asrab qolishimiz kerak. Nafrat va qotillik haqida hikoyalarni. Varshava gettosi, Babiy Yar, Dahau va Buhenvald qirg’ini kabi joylar haqidagi hikoyalarni.

Bu ro’yxat uzun.

Ammo bu qorong’u kunlarda ham yorqin umid va ishonchga to’la daqiqalar bo’lgan. Qochqinlarni qabul qilib, ularga boshpana bergan odamlar bo’lgan.

Hurmatli yahudiy jamiyati vakillari,

bunday insonlarining ayrimlari O’zbekiston SSRda yashagan. Ular 250.000 yahudiylarni ko’pincha o’z uylarida qabul qilishgan va ular bilan borini baham ko’rishgan, garchi o’zlarida ko’p narsa bo’lmasa ham. Bunda siz, yahudiylar jamiyati va ajdodlaringiz muhim ahamiyatga egasizlar. Biz bu hikoyalarni ham asrab qolishimiz kerak. Ular insonparvarlik mavjudligini ko’rsatadi. Boshqalar muammoga duch kelganda odamlar birlashib, yordam berishlarini ko’rsatadi.

Biz nemislar uchun Osvensim, Dahau yoki Majdanek kabi sinonimlar eng chuqur uyatga sabab bo’ladi. Jinoyatlarni eslash, aybdorlarning ismlarini aytish va qurbonlarning munosib xotirasini hurmat qilish hech qachon tugamaydigan mas’uliyatdir. ushbu mas’uliyat borasida muhokamaga o’rin yo’q va bu mamlakatimizning ajralmas qismidir. Bu mas’uliyatni anglash esa milliy o’zligimizni anglash, o’zimizni ma’rifatli va erkin jamiyat, demokratik va huquqiy davlat sifatida anglashimizning ajralmas qismidir. Shu nuqtai nazardan nemislar o’z o’tmishlarining qorong’u sahifalari uchun o’zlarini aybdor deb his qilmaslikka chaqiruvchi sharhlar befoyda. Gap ayb kompleksi yoki avlodlarning jamoaviy aybi haqida emas. Xolokost va Ikkinchi Jahon urushi dahshatlari bizning o’tmishimizning yopilgan sahifasi emas. Bu hech qachon yo’q bo’lib ketmaydigan o’tmish va u bizni antisemitizm va g’ayriinsoniy mafkuralarga qayta yo’l qo’ymaslik haqida doimo ogohlantiradi.

Afsuski, biz o’lik deb hisoblangan o’tmishning yovuz kuchlari qayta uyg’onayotgan bir davrda yashayapmiz. Germaniya va dunyoning boshqa qismlarida kuchayib borayotgan antisemitizm demokratiyalarimiz uchun jiddiy tahdiddir. Ammo haddan tashqari millatchilik va boshqa odamlarni haqoratlovchi, kamsituvchi va chetlab qo’yuvchi mafkuralar ham plyuralistik jamiyatga tahdid soladi.

Barchamiz tushunamizki, natsistlar sodir etgan jinoyatlarni esdan chiqarmaslik va o’tmish tajribasidan kelajakda foydalanish tobora qiyin vazifaga aylanib bormoqda. Shunday ekan, kelajakda ham bardavom bo’lishi uchun biz eslash madaniyatini mos ravishda shakillantirishimiz kerak.

Bugun Germaniya elchisi sifatida sizning oldingizda nutq so’zlashim, va Isroil va Germaniya elchixonalari birgalikda ushbu tadbirni o’tkazishi yahudiy jamiyati tomonidan va Germaniyadan azob chekkan boshqa ko’pchilik odamlar tomonidan biz nemislarga va Germaniyaga berilgan yarashuv tuhfasidir.

Shaxsan men va biz nemislar ushbu tuhfa uchun juda minnatdormiz. Biz uni albatta saqlab qolamiz. Va buning boshqa hech qachon takrorlanishiga yo’l qo’ymaslikni o’z burchimiz deb bilamiz!

Sahifa boshiga qaytish