Tashqi ishlar sahifasiga xush kelibsiz
Madaniyat, ta’lim va ilm-fan
O'qish, © Deutsche Botschaft Taschkent
1993 yilda imzolangan va 2002 yilda kuchga kirgan „Germaniya Federativ Respublikasi va O'zbekiston Respublikasi o'rtasida madaniyat sohasida aloqalar to'g'risida shartnoma“ madaniy hamkorlikning asosi bo'lib xizmat qiladi. Germaniyaning madaniyat sohasidagi vositachisi rolini bajaradigan Gyote-instituti, ZfA (Xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasi), Fridrix Eber nomidagi va Konrad Adenauer nomidagi jamg'armalar hamda DVV (Germaniya Xalq universitetlari uyushmasining xalqaro hamkorlik boshqarmasi) tashkilotlari O'zbekistonda o'zlarining 20 nafar atrofida xodimlari yordamida faoliyat yuritadi.
Oliy ta'lim (DAADning 3 nafar o'qituvchisi va nemis tili bo'yicha bitta yordamchisi O'zbekiston oliygohlarida dars berishadi) va „Nemis tili chet tili sifatida“ (umumiy hisobda 3 nafar o'qituvchi) yo'nalishlaridagi loyihalar samarali ish olib borishmoqda. „Maktablar: Kelajak hamkorlari“ tashabbusi doirasida ZfA O'zbekistonning 9 ta, Gyote instituti esa 9 ta maktab va litseylarini o'qituvchi kadrlar hamda o'quv-texnik vositalari bilan qo'llab-quvvatlaydi.
Toshkentda Gyote instituti qoshida Nemis o'quv zali faoliyat yuritmoqda. 2002 yilda Samarqandda o'quv zali va Farg'onada axborot-kutubxona fondi ochilgan. Ayniqsa, Gyote institutining til kurslari juda talabgor. O'zbekiston nemis tilini o'rganuvchilar miqdori bo'yicha dunyoda beshinchi o'rinda turadi.
O'zbekistonda ta'lim tizimida o'tkazilayotgan islohotlar sababli ta'lim sohasi hamkorligimizning muhim qismi hisoblanadi. Bu bir tomondan til targ'iboti ishlariga tegishli: nemis tilining chet tili sifatidagi yaxshi o'rnini (hozirda u o'rganilayotgan chet tillar orasida ikkinchi o'rinda turadi) ta'minlash maqsadida nemis tilini o'qitish tizimi yangi talablarga mos ravishda ishlab chiqilishi kerak. Shu bilan bir qatorda Germaniya Xalq universitetlari uyushmasi tomonidan o'tkaziladigan katta yoshlilarni o'qitish loyihasi hamda Xalqaro hamkorlik bo'yicha Germaniya jamiyatining (GIZ) asosan turizm, axborot texnologiyalari va iqtisodiy kasblarga qaratilgan professional ta'lim sohasidagi loyihalari istiqbolsizlikning oldini olishga katta hissa qo'shadi.
Germaniya tomonining O'zbekistonda madaniyat sohasidagi faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biri – bu madaniy merosni saqlash sohasidagi hamkorlik hisoblanadi. Jumladan, Germaniyaning xalq hunarmandchiligi va yodgorliklarni asrash bo'yicha sobiq markazi Samarqandning tarixiy Shohi Zinda majmuasida joylashgan Shodi-Mulk og'a maqbarasini ta'mirlash ishlarida ishtirok etdi. Germaniya Tashqi ishlar vazirligining moliyaviy ko'magida Potsdam maxsus oliygohi nilan hamkorlikda ushbu loyiha davom ettirildi va 2005 yilda me'morchilikning muhim yodgorliklaridan biri bo'lmish dunyoga mashhur Registon maydonida joylashgan Tillaqori madrasasining gumbazi bilan birgalikda ta'mirlash ishlari o'z nihoyasiga yetkazildi. Potsdam maxsus oliygohi hozirda Temuriylarning Samarqanddagi maqbarasi Ishratxonani ta'mirlash ishlarini olib bormoqda. Germaniya Tadqiqotlar jamiyatining moliyaviy ko'magida Buxoroda ham Bamberg Universitetining Buxoroning eski shahar qismini o'rganish bo'yicha sohalararo yirik loyihasi ish olib bormoqda.