Tashqi ishlar sahifasiga xush kelibsiz

Germaniya Federativ Respublikasi Federal kansleri, Bundestag a'zosi, Olaf Scholz ning hukumat bayonoti

04.03.2022 - Nutq

„Tinchlik va xavfsizlik uchun qat'iyat bilan“


Berlin shahri, 2022 yil 27 fevral


Og'zaki matn bilan taqqoslansin!

Hurmatli Bundestag raisi, hurmatli hamkasblar, aziz yurtdoshlar, 2022-yil 24-fevral qit’amiz tarixida burilish davrini belgilab beradi. Ukrainaga qilingan hujum orqali Rossiya prezidenti Putin sovuqqonlik bilan bosqinchilik urushini boshlab yubordi. Bunga yagona sabab ukrainaliklarning erkinligi uning zolim rejimini shubha ostiga olganidir. Bu g'ayriinsoniydir. Bu xalqaro huquqqa ziddir. Buni hech narsa va hech kim oqlay olmaydi.

Kiyev, Xarkov, Odessa yoki Mariupoldan olingan dahshatli suratlar Putinning o'ta shafqatsizligini ko'rsatadi. Chidab bo'lmaydigan adolatsizlik, ukrainaliklarning dardi qalblarimiz tub-tubigacha yetib bormoqda. Fuqarolar shu kunlarda kechqurun dasturxon atrofida o'zlariga qanday savollarni berayotganini yaxshi bilaman. Urush bo'layotgan hududlardan kelgan dahshatli xabarlarga asoslanib ularni nimalar tashvishga solayapti.

Ko'pchiligimiz hali ham ota-onamiz yoki bobo-buvilarimizning urush haqidagi hikoyalarini eslaymiz.  Yoshlar uchun esa Yevropadagi urushni tushunish qiyin. Ko'pchiligingiz butun mamlakat bo'ylab, shu jumladan Berlinda ham e ´tiroslaringizni ifoda ettingiz. Biz "yangi davrga" guvoh bo'lyapmiz. Va bu shuni anglatadiki dunyo endi avalgi dunyodek bo'lmaydi. Asosiy savol - kuch qonunni buzishga haqlimi. Putinga vaqtni 19-asrdagi buyuk davlatlar zamoniga qaytarishga ruxsat beramizmi. Yoki biz Putin kabi urush sababchilarini to'xtatish uchun kuch topa olamizmi. Shaxsiy kuch buning uchun asos yarata oladi.

Albatda, biz o'z erkinligimiz, demokratiyamiz va farovonligimizni xohlaymiz va ta‘minlaymiz ham. Va men sizdan, hurmatli rais, bugun, maxsus majlisda Federal hukumatning bu boradagi fikrini siz bilan muhokama qilish imkoniyati uchun juda minnatdorman. Shuningdek, Bundestagning barcha demokratik fraktsiyalar rahbarlariga ushbu majlisni qo'llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildiraman.

Xonimlar va janoblar, Ukrainaga hujum orqali Putin nafaqat mustaqil davlatni jahon xaritasidan o'chirib tashlamoqchi. U Xelsinki Yakuniy akti qabul qilingan davrdan deyarli yarim asr davomida mavjud bo'lgan Yevropa xavfsizlik tartibini buzmoqda. Bu bilan u butun xalqaro hamjamiyatdan uzoqlashmoqda ham.

So'nggi bir necha kun ichida butun dunyo bo'ylab bizning elchixonalarimiz Frantsiya bilan birgalikda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashida Rossiya tajovuzkorligini o'z nomi bilan, yani xalqaro huquqning xiyonatkorona buzilishi deb atalishi uchun harakat qildi. Nyu-Yorkdagi Xavfsizlik Kengashi majlisi natijasiga nazar solsangiz, harakatlarimiz muvaffaqiyatli bo'ldi.

Muhokamalar biz tinchlik yo'lidagi harakatlarimiz bo'rasida yolg'iz emasligimizni ko'rsatdi. Biz bor kuchimiz bilan harakatlarimizni davom ettiramiz. Men tashqi ishlar vaziri Berbok honimga muhokamalarda erishgan yutuqlari uchun juda minnatdorman. O'zining veto huquqidan foydalanish orqaligina Moskva – har holda Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zosi sifatida - qoralanishining oldini olishni uddaladi. Qanday sharmandalik!

Shu bilan birga Prezident Putin doimo ajralmas xavfsizlik haqida gapirib keladi. Aslida esa u qurol kuchini ishlatib qit'ani avvaldan ma´lum bo'lgan ta´sir doiralariga bo'lishni hohlaydi. Bu Yevropadagi  xavfsizlik uchun jiddiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Albatta uzoq kelajakda Yevropadagi xavfsizlikni Rossiyaga qarshi harakat qilish bilan ta´minlab bo'lmaydi. Biroq yaqin kelajak uchun Putin ushbu xavfsizlikni xavf ostiga qo'yadi. Buni aniq aytish kerak. Vaqt bizga taqdim etayotgan chaqiruvni hushyorlik va qat'iyat bilan qabul qilamiz.

Hozir oldimizda beshta vazifa turibdi:

Birinchidan, biz Ukrainani ushbu mushkul vaziyatda qo'llab-quvvatlashimiz kerak. O'tgan bir necha hafta, oylar va yillar davomida ham biz bu ishni keng ko'lamda amalga oshirib keldik. Ammo Ukrainaga qilingan hujumdan keyin biz yangi davrga kirdik. Kiev, Xarkov, Odessa yoki Mariupolda odamlar nafaqat o'z yurtlarini himoya qilmoqdalar. Ular erkinlik va demokratiya uchun kurashmoqdalar, yani biz ular bilan baham ko'radigan qadriyatlar uchun. Biz demokratlar, yevropaliklar sifatida ular tomonidamiz – tarixning to'g'ri tarafidamiz!

Prezident Putin payshanba kunidagi Ukrainaga hujumi bilan yangi voqelikni yaratdi. Ushbu yangi voqelik aniq javobni talab qiladi. Biz uni berdik. Xabaringiz bor, kecha biz Ukraina mamlakatni himoya qilishi uchun Germaniya uni qurol bilan ta’minlashiga qaror qildik. Putinning tajovuzkorligiga boshqa bir javob bo'lishi mumkin emas edi.

Xonimlar va janoblar, bizning ikkinchi vazifamiz Putinni urush yo'lidan qaytarishdan iborat. Urush Ukraina uchun falokatdir. Ammo urush Rossiya uchun ham falokat keltiradi. Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari bilan birgalikda biz misli ko'rilmagan hajmdagi sanktsiyalar paketini qabul qildik:

  • biz Rossiya banklari va davlat korxonalarini moliyalashtirishdan uzib qo'yamiz
  • biz kelajak texnologiyalarining Rossiyaga eksport qilinishini to'xtatamiz
  • biz oligarxlar va ularning Yevropa Ittifoqidagi sarmoyalariga nisbatan choralar ko'ramiz
  • bundan tashqari, Putin va uning atrofidagi odamlarga nisbatan jazo choralari va Rossiya rasmiylari uchun viza cheklovlari qo'llaniladi
  • va biz Rossiyaning muhim banklarini banklararo aloqa tarmog'i bo'lmish Swift dan uzib qo'yamiz. Bu borada biz kecha iqtisodiy jihatdan kuchli demokratik davlatlar va Yevropa Ittifoqining davlat hamda hukumat rahbarlari bilan kelishib oldik

Xomtama bo'lmaylik, Putin bir kechada o'z yo'nalishini o'zgartirmaydi. Ammo tez orada Rossiya rahbariyati to'lanayotgan badal yuqori ekanini his etadi. O'tgan haftaning o'zidayoq Rossiya birjalaridagi savdo 30 foizdan ko'proqqa tushib ketdi. Bu sanktsiyalarimiz natija berayotganini ko'rsatadi. Biz hech qanday taqiqlarsiz galdagi sanktsiyalarni qo'llash huquqini saqlab qolamiz. Bizning asosiy tamoyilimiz bo'lib javobgarlarga nima ta'sirliroq bo'ladi degan savol hizmat qiladi? Aynan javobgar shaxslarga nisbatan, rus xalqiga nisbatan emas.

Chunki urush qilishga rus xalqi emas, balki Putin qaror qildi. Shuning uchun ham ushbu urush Putinning urushi ekanligini aniq aytish kerak! Men uchun buni farqlash muhim. Sababi Ikkinchi jahon urushidan keyin nemislar va ruslar o'rtasidagi yarashuv umumiy tariximizning muhim sahifasidir va shunday bo'lib qoladi ham. Va men hozirgi vaziyat, ayniqsa, Ukraina yoki Rossiyada tug'ilgan mamlakatimiz fuqarolari uchun qanchalik qiyin ekanligini bilaman. Shuning uchun biz Putin va erkin dunyo o'rtasidagi bu mojarolar eski yaralarni ochishiga va yangi kelishmovchiliklarni keltirib chiqarishiga yo'l qo'ymaymiz.

Yana bir narsani unutmasligimiz kerak: so'nggi kunlarda Rossiyaning ko'plab shaharlarida fuqarolar hibsga olinish va jazolanish havfiga qaramasdan Putin urushiga qarshi norozilik namoyishlari o'tkazmoqdalar. Buning uchun katta jasorat va haqiqiy matonat kerak! Bugun Germaniya ukrainaliklar tomonida. Bugun bizning fikrlarimiz Rossiyaning bosqinchilik urushi qurbonlari haqida va biz ularga hamdardmiz.

Huddi shunday tarzda biz Rossiyada Putinning kuch ishlatar idoralariga jasorat bilan qarshi chiqqan va uning Ukrainaga qarshi urushidan norozi bo'lgan barcha bilan birgamiz. Biz bilamiz, bunday insonlar ko'p. Barchangizga taslim bo'lmang deya murojaat qilaman! Men Rossiyada ham erkinlik, bag'rikenglik va inson huquqlari ustivor bo'lishiga aminman.

Xonimlar va janoblar, uchinchi asosiy katta chaqiruv bu Putin urushining Yevropaning boshqa mamlakatlariga tarqalishini oldini olish. Bu esa biz NATO doirasidagi yordam berish burchimizga so'zsiz amal qilishimizni anglatadi. Men Markaziy va Sharqiy Yevropadagi o'z xavfsizligidan qayg‘urayotgan ittifoqchilarimizga ham shunday dedim. Prezident Putin ittifoqdoshlarimiz bilan birgalikda Ittifoq hududlarining har kvadrat metrini himoya qilish borasidagi qat'iyatimizga shubha bilan qaramasligi kerak! Biz buni juda jiddiy aytyapmiz. Biror mamlakatning NATOga qabul qilinishi ittifoqdosh hamkor sifatidagi ushbu davlatni himoya qilish istagimizni anglatadi. Huddi o'zimizni himoya qilganimiz kabi!

Bundesver allaqachon sharqiy ittifoqchilarni qo'llab-quvvatlashni kengaytirgan - va buni davom ettiradi. Federal mudofaa vaziriga ushbu muhim signal uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman!

  • biz Litvada boshqarayotgan NATO harbiy bo'linmasida qo'shinlarimiz sonini oshirdik
  • biz Ruminiyada havo politsiyasi tarkibidagi missiyamiz xizmati davrini uzaytirdik va uni kengaytirdik
  • biz Slovakiyada yangi NATO bo'linmasini tashkil etishda ishtirok etmoqchimiz
  • bizning dengiz flotimiz Shimoliy va Boltiq dengizlari hamda O'rta er dengizi xavfsizligini ta'minlash uchun qo'shimcha kemalar bilan yordam beradi
  • biz Sharqiy Yevropadagi ittifoqchilarimizning havo hududlarini havo hujumiga qarshi raketalari bilan himoya qilishda ham ishtirok etishga tayyormiz

So'nggi bir necha kun ichida bizning harbiy xizmatchilarimiz bu missiyalarga tayyorgarlik ko'rish uchun kam vaqtga ega bo'lishdi. Men ularga qarata albatta sizning nomingizdan ham shunday deyman: «Rahmat»! Ayniqsa ushbu kunlardagi muhim xizmatingiz uchun tashakkur!

Xonimlar va janoblar, Putinning tajovuzkorligi yuzaga keltirgan yangi davrini nazarda tutgan holda, bizning shiorimiz shunday bo'ladi: Yevropada tinchlikni ta´minlash uchun nima kerak bo'lsa, biz shuni qilamiz. Bunga Germaniya birdamlik tamoyillari asosida o'z hissasini qo'shadi. Biroq bugun buni aniq va bir ma´noda aytishning o'zi yetarli emas. Chunki buning uchun Bundesverga yangi, katta qudrat kerak. Va bu mening to'rtinchi vazifam, xonimlar va janoblar.

Putinning tarixiy risolalarini o'qigan, uning Ukrainaga qarshi urush e’lon qilganini televizorda ko'rgan yoki yaqinda men kabi u bilan shaxsan soatlab gaplashgan odamda Putin Rossiya imperiyasini qurmoqchi ekaniga hech qanday shubha qolmaydi. U Yevropadagi tartibni o'z tasavvuriga ko'ra tubdan qayta tashkil qilmoqchi. Va buning uchun u harbiy kuchdan ham foydalanishdan toymaydi. Biz bugun Ukrainada buni ko'ryapmiz.

Shuning uchun biz o'zimizdan Putinning Rossiyasi qanday imkoniyatlarga ega deb so'rashimiz kerak.  Va bu tahdidga qarshi turish uchun bizga qanday ko'nikmalar kerak - bugun va kelajakda? Bir narsa aniq: biz mamlakatimiz xavfsizligiga ko'proq sarmoya kiritishimiz va shu tarzda erkinligimiz va demokratiyamizni himoya qilishimiz kerak. Bu ulkan milliy sa'y-harakatdir. Maqsad - bizni ishonchli himoya qila oladigan samarali, juda zamonaviy, ilg'or Bundesver. Bir hafta oldin Myunxen Xavfsizlik konferentsiyasida men shunday degan edim: Bizga uchadigan samolyotlar, dengizga chiqadigan kemalar va o'z vazifalarini bajarish uchun optimal tarzda jihozlangan askarlar kerak. Gap aynan shu haqida. Va bu, albatta, Yevropada biznikidek hududga va ahamiyatga ega davlat uchun erishish mumkin bo'lgan maqsad.

Lekin o'zimizni aldamaylik: yaxshiroq qurol-aslaxa, zamonaviy anjomlar, ko'proq xodimlar va askarlar juda katta mablag‘ talab qiladi. Buning uchun biz “Bundesver”nomi ostida byutjetning maxsus fondini tashkil qilamiz. Va buni qo'llab-quvvatlagani uchun men federal moliya vaziri Lindnerdan juda minnatdorman! 2022 yilgi federal byudjetdan ushbu maxsus fondga 100 milliard yevro miqdorida bir martalik mablag‘ ajratiladi. Mablag'ni biz zarur investitsiyalar va qurollanish loyihalariga ishlatamiz.

Bundan buyon biz yildan yilga yalpi ichki mahsulotning ikki foizdan ortig‘ini mudofaa sohasiga yo'naltiramiz. Va, xonimlar va janoblar, men Germaniya Bundestagidagi barcha fraktsiyalarga  murojaat qilaman: Asosiy qonunda maxsus fondning tashkil etilishi haqidagi nizomni tasdiqlaylik! Men bir narsani qo'shimcha qilmoqchiman: biz bu maqsad sari 2024-yilgacha iqtisodiy ishlab chiqarish hajmining ikki foizidan ko'proq'iga mudofaa xarajatlarimizni oshirishga nafaqat do'stlarimiz va ittifoqchilarimiz oldidagi majburiyatlarimiz tufayli intilmayapmiz. Biz buni o'zimiz uchun ham, o'z xavfsizligimiz uchun qilyapmiz. Kelajakdagi barcha tahdidlar yechimini Bundesver resurslari orqali topib bo'lmasligini yaxshi bilamiz. Shuning uchun bizga rivojlanish maqsadidagi kuchli hamkorlik kerak. Shuning uchun biz o'z barqarorligimizni - texnik va ijtimoiy jihatdan - masalan, kiberhujumlar va dezinformatsiya kampaniyalariga qarshi, o'ta muhim infratuzilmalarimiz va aloqa kanallarimizga qilingan hujumlarga qarshi mustahkamlaymiz. Va biz texnologik jihatdan zamon bilan hamnafas bo'lib qolamiz.

Shu sababli, masalan, men uchun biz yevropalik hamkorlarimiz, ayniqsa Frantsiya bilan birgalikda yangi avlod jangovar samolyotlari va tanklarini Yevropada ishlab chiqarishimiz juda muhim. Bu loyihalar bizning ustuvor vazifamizdir. Samolyotlar jangovor holatga yetguncha biz Eurofighterni birgalikda yanada takomillashtiramiz. «Eurodrohne» droni borasidagi shartnomalar nihoyat shu haftada imzolanganligi ham yaxshi. Biz Isroildan “Heron” qurolli dronini sotib olish masalalarini ham olg´a surayapmiz. Yadroviy ishtirok uchun ham biz eskirgan Tornado samolyotlarining o'z vaqtida zamonaviylariga almashtirilishini ta´minlaymiz. Eurofighter radioelektron kurash olib borish uchun jihozlangan bo'lishi kerak. F-35 jangovor samolyotlaridan avianosets, jani harbiy tashuvchi kema sifatida foydalanish mumkin.

Va nihoyat, xonimlar va janoblar, biz mamlakatimizni energeya bilan havfsiz ta’minlash uchun yanada ko'proq harakat qilamiz. Federal hukumat bu borada muhim chora-tadbirlarni boshlab yubordi. Ayrim energiyani import qiluvchi ta'minotchilarga bog´liqligimizdan xalos bo'lish uchun biz yo'nalishni o'zgartiramiz. Chunki oxirgi bir necha kun va haftalardagi voqealar bizga mas'uliyatli, istiqbolli energiya siyosati nafaqat iqtisodiyotimiz va iqlimimiz uchun, balki bizning xavfsizligimiz uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ko'rsatdi. Shuning uchun biz qanchalik tez qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirsak, shuncha yaxshi.

Va biz to'g'ri yo'ldamiz: sanoati rivojlangan mamlakat sifatida biz 2045 yilga kelib CO₂ neytral darajasiga erishishni xohlaymiz! Shu maqsadni inobatga olgan holda, biz muhim qarorlar qabul qilishimiz kerak bo'ladi. Masalan, ko'mir va gaz zaxirasini shakillantitish. Biz tabiiy gaz zahiralarini „long term options“ uzoq muddatli yechim asosida ikki milliard kub metrga oshirishga qaror qildik. Bundan tashqari biz Yevropa Ittifoqi bilan kelishgan holda jahon bozorlarida qo'shimcha tabiiy gaz sotib olamiz.

Va nihoyat, biz Brunsbüttel va Vilgelmshavenda suyultirilgan tabiiy gas (STG) uchun ikkita terminalni tezda qurishga qaror qildik. Buning uchun Federal Iqtisodiyot vaziri Xabekga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman! Qisqa muddatda zarur bo'lgan narsa, transformatsiyaning muvaffaqiyati uchun uzoq muddatda baribir zarur bo'lgan narsalar bilan birlashtirilishi mumkin. Bugun gaz qabul qilayotgan STG terminali ertaga yashil vodorodni ham qabul qilishi mumkin. Va, albatta, biz bularning barchasini amalga oshira turib yuqori energiya narxlarini ham nazardan qochirmaymiz. Putinning urushi so'nggi paytlarda narxlarni yanada ko'tarilishiga olib keldi.

Shuning uchun biz shu haftada imtiyoz choralari paketini qabul qildik. Unga binoan qayta tiklanadigan energiya manbalari haqidagi qonunga muvofiq qayta tiklanadigan energiya uchun qo'shimcha to'lov bu yilning o'zida bekor qilinadi, ishga borib –kelish yo´l harajatlarining  qisman qoplanadigan miqdori ko'tariladi, kam maosh oluvchilar uchun isitish xarajatlarini qoplash maqsadidagi qo'shimcha to'lov amalga oshiriladi, oilalar uchun subsidiyalar va soliq imtiyozlari beriladi. Federal hukumat buni tezda amalga oshiradi. Biz fuqarolar va kompaniyalarga murojaat qilib shunday deymiz: biz fuqarolar va korxonalarni bunday vaziyatda yolg'iz qoldirmaymiz.

Va nihoyat men beshinchi va oxirgi vazifaga to'xtalmoqchman: Putinning urushi burilish nuqtasini anglatadi, bizning tashqi siyosatimiz uchun ham. Sodda bo'lmasdan iloji boricha ko'proq diplomatiya - bu maqsad saqlanib qoladi. Gapirish kerakligi uchungina gaplashish ham sodda bo'lishni anglatadi. Haqiqiy muloqot har ikki tomonning unga tayyorligini talab qiladi. Ushbu tayyorlik Putinga mutlaqo shubhasiz nafaqat so'nggi bir necha kun va haftalarda yetishmadi emas. Bu kelajak uchun nimani anglatadi? Biz Rossiya bilan suhbatni rad etmaymiz. Shunday ekstremal vaziyatda ham aloqa kanallarini ochiq qoldirish diplomatiyaning vazifasidir. Boshqa hamma narsani mas'uliyatsizlik deb bilaman.

Xonimlar va janoblar, biz nimani himoya qilayotganimizni  davlatimiz tarixini esda tutish orqali ham bilamiz. Biz Yevropada tinchlik tarafdorimiz. Biz hech qachon zo'ravonlikni siyosiy vosita sifatida qabul qilmaymiz. Biz nizolarni doimo tinch yo'l bilan hal etish tarafdorimiz. Yevropada tinchlik ta´minlanmagunicha biz tinchlanmaymiz. Bu borada yolg'iz emasmiz, balki Yevropadagi va butun dunyodagi do'stlarimiz va hamkorlarimiz bilan birgamiz. Bizning eng katta kuchimiz ittifoq va birlashmalarimizdir! Buning sharofati bilan mamlakatimiz 30 yildan ortiq vaqtdan beri buyuk baxtdan bahramand bo'lib kelayapti, yani, qo'shnilarimiz bilan farovonlikda hamda tinchlik va totuvlikda birlashgan davlatda yashash.

Agar biz so'nggi 30 yil tarixiy istisno bo'lib qolishini istamasak, unda biz Yevropa Ittifoqi birdamligini saqlash, NATO kuchini oshirish va dunyodagi do'stlarimiz, hamkorlarimiz va hamfikrlarimiz bilan yanada yaqinroq munosabatlar o'rnatish uchun qo'limizdan kelganini qilishimiz kerak. Ishonchim komilki, biz buni uddalaymiz. Chunki biz va hamkorlarimiz kamdan-kam hollarda bunchalik qat'iyatli va birdam bo'lganmiz. Bugungi kunda bizni erkin demokratiyalar qudratini fahmlashimiz birlashtiradi.  Biz bilamizki yangi davrda ham, undan keyin ham keng ijtimoiy va siyosiy konsensusga tayanish davomiylikni ta´minlaydi.  Va shuning uchun men Sizga va Bundestagning barcha fraktsiyalariga Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumini qat'iy qoralaganingiz va uni o'z nomi bilan mustaqil davlatga, Yevropa va dunyodagi tinchlik tartibiga oqlab bo'lmaydigan hujum deb ataganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Bugungi rezolyutsiya qabul qilish taklifi buni aniq tasdiqlab turibdi.

Shu kunlarda bu yerda Berlinda va boshqa joylarda tinch namoyishlarga yig’ilganlarga va Putinning urushiga norozilik bildirayotgan barchaga rahmat deyman. Ushbu davrda erkin va ochiq, adolatli va osoyishta Yevropa uchun biz bilan birga bo'lgan barchaga minnatdorchilik bildiraman. Biz uni himoya qilamiz.


Sahifa boshiga qaytish