Tashqi ishlar sahifasiga xush kelibsiz

Qabul qilingan 100 dan ortiq rezolyutsiya ortidan: BMT Xavfsizlik Kengashidagi ikki yillik faoliyatga nazar

Maqola

2020-yil yakunida Germaniyaning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashidagi ikki yillik a'zoligi tugadi. Liviyaga bag'ishlangan Berlin jarayonidan tortib Sudandagi yangi siyosiy missiyadan to jinsiy zo'ravonlikka qarshi kampaniyaga qadar: voqealarga boy bo'lgan ikki yilga nazar.

2019-yil 1-yanvardan 2020-yil 31-dekabr sanasigacha Germaniya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy bo'lmagan a'zosi edi. Germaniya Federativ Respublikasi oltinchi marotaba dunyoda tinchlik va xavfsizlik uchun alohida mas'uliyatni o'z zimmasiga oldi va xalqaro tartibni mustahkamlash uchun harakat qildi – ushbu ishni Germaniya ko'p qirrali tartib va yuragi bo´lmish Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan juda katta bosimga duch kelgan paytlarda amalga oshirdi.

BMT Xavfsizlik Kengashi beshta doimiy va o'nta har biri ikki yilga saylanadigan doimiy bo'lmagan a'zolari bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro huquq asosida majburiy qarorlar qabul qila oladigan yagona organidir. Germaniya Kengash a'zosi sifatida tinchlik va xalqaro xavfsizlikka oid markaziy masalalarda izchillik bilan yondashish, mavjud inqirozlarga munosabat bildirish va o'zining ustuvor vazifalarini belgilash imkoniyatiga ega edi, masalan, tinchlik jarayonlarida ayollarni qo'llab-quvvatlash yoki qurolsizlanish mavzularida.

Eng muhim mavzular talqini:

Liviya: ortda qolgan yilda Liviyadan juda kam xushxabar keldi, ammo so'nggi paytlarda umid uchqunlari paydo bo'la boshladi. BMTning Liviya bo'yicha maxsus vakili bilan birgalikda Germaniya mamlakatni barqarorlashtirish bo'yicha siyosiy jarayonni boshlash uchun doimiy ravishda ish olib bordi. Ushbu masalada markaziy o'rin tutuvchi Berlin jarayoni orqali Germaniya Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlik harakatlarini qo'llab-quvvatladi. 2020-yil boshida Berlinda katta konferentsiya bo'lib o'tdi, unda nizoli tomonlar tarafdorlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Federal Kantsler Angela Merkelning taklifiga binoan ishtirok etdilar. Yig'ilishdan maqsad tashqi ta'sirni kamaytirish va shu tariqa BMT rahbarligida Liviyaning ichki siyosiy jarayonini ta'minlash edi. Xavfsizlik Kengashi konferentsiya natijalarini 2020-yil fevral oyida 2510-sonli qarori bilan tasdiqladi. BMTning Liviya borasidagi qurol-aslaha embargosini va Yevropa Ittifoqining IRINI operatsiyasini ko'rib chiqish bo'yicha sanktsiyalar qo'mitasining raisi sifatida Germaniya qurol-aslaha embargosini amalda qo'llashga muhim hissa qo'shdi. Hozir Liviyada butun mamlakat bo'ylab sulh amal qilmoqda. Noyabr oyining boshidan beri 75 liviyalik mamlakatning siyosiy kelajagi to'g'risida Tunisda muzokaralar olib bormoqda, 2021-yil dekabrda esa erkin saylovlar o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Suriya: Uzoq va murakkab muzokaralardan so'ng Suriyaga gumanitar yordam ko'rsatish imkoniyatini ta'minlaydigan chegaralararo rezolyutsiya iyul oyida uzaytirildi. Belgiya bilan birgalikda Germaniya yetakchi sifatida ushbu natijaga erishish uchun juda ko'p mehnat qildi va yakunda millionlab suriyaliklarga yordamni saqlab qolish uchun murosaga kelish taklifi bilan chiqdi.

Sudan: Diktator al-Bashir ag'darilgandan beri Sudanda ko'tarinki kayfiyat hukmron, mamlakat o'tish jarayonini boshidan kechirmoqda. Germaniya bu jarayonni boshidanoq qo'llab-quvvatladi. 2020-yil iyun oyida Germaniya BMT Bosh kotibi Guterrish bilan birgalikda siyosiy va moliyaviy ko'makni safarbar etish uchun Sudan sheriklik konferentsiyasini o'tkazdilar. Buyuk Britaniya bilan birgalikda Germaniya Xavfsizlik Kengashi doirasida BMTning yangi missiyasini Sudanda tashkil qilish borasida o'z xizmatlarini ayamadi: 2021-yildan boshlab UNITAMS (Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sudanda  O'tish davridagi  yordam missiyasi) missiyasi avvalgi UNAMID missiyasini to'ldirishi va demokratiyaga o'tish jarayoniga hamrohlik qilishi kerak.

Dolzarb inqirozlar va siyosiy mavzular yechimida ishtirok etish bilan bir qatorda Germaniya quyidagi mavzularga ham urg'u berdi:

• kun tartibida "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik": Jahon miqyosida jinsiy zo'ravonlikdan mojarolarda qurol sifatida tobora ko'p foydalanilmoqda. Germaniya raisligi davrida qabul qilingan 2467-sonli qaror bilan Germaniya bunga qarshi choralar ko'rmoqda. Xavfsizlik Kengashining "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibiga tayanib Germaniya jinsiy zo'ravonlik qurbonlarini himoya qilishga e'tibor qaratmoqda, yaʼni jinoyatchilar kelajakda ko'proq javobgarlikka tortilishlari kerak.

• Qurolsizlanish / tarqatmaslik: Kichik kalibrli qurollardan yadroviy qurolsizlanishgacha: Yetti yildan ko'proq vaqt o'tib, Germaniya yadroviy qurolsizlanish masalasini 2019-yil aprelida Germaniya raisligi oyining asosiy mavzusi sifatida Xavfsizlik Kengashi kun tartibiga yana muhokamaga qo'ydi. Garchi yadro qurolini tarqatmaslik to'g'risidagi shartnomani ko'rib chiqish bo'yicha konferentsiyani pandemiya sababli 2021-yilga qoldirishga to'g'ri kelgan bo'lsa-da, mavzular diqqat markazida qoldi: 2020-yil fevral oyida Stokgolm tashabbusi doirasidagi 16 davlatining Berlin deklaratsiyasi orqali yadroviy qurolsizlanishni qayta tiklashi taklif qilindi. O'rta va qisqa masofali raketalarni yo'q qilish to'g'risidagi shartnoma (INF shartnomasi) muddati tugaganligi va unga yangidan start berilishi hozirda noaniqligi sababli, ushbu masala Federal hukumat uchun Xavfsizlik Kengashi a'zoligidan tashqari dolzarb muammo bo'lib qolmoqda.

Iqlim va xavfsizlik: Iqlim o'zgarishi Xavfsizlik Kengashi faoliyatida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Iqlim o'zgarishlari yangi mojarolarni keltirib chiqarmoqda va mavjud ziddiyatlar kuchaymoqda, masalan, Chad ko'li mintaqasida, Sudan yoki Afg'onistonda. Shuning uchun Germaniya qarshiliklarga qaramasdan bu masalani kun tartibiga qo'ydi: ushbu mavzu yangi tashkil etilgan norasmiy ekspertlar guruhi tomonidan uzoq muddat davomida Xavfsizlik Kengashida muhokama qilinadi.

 Multilateralizm uchun ittifoq

100 dan ortiq rezolyutsiya Germaniya a'zoligi davrida qabul qilindi va faqat xalqaro hamkorlik orqali taraqqiyotga erishish mumkinligi ko'rsatildi, faqat birgalikda yechimi ortga surib bo'lmaydigan global masalalarga javob topish mumkin - iqlim o'zgarishidan to raqamlashtirishgacha. Shu sababli Germaniya Xavfsizlik Kengashidagi faoliyati bilan bir qatorda, xalqaro hamkorlikni targ'ib qiluvchi va milliy yakkaxon harakatlarga nisbatan salmoqli qarama-qarshi vazn shakllantiradigan multilateralizm uchun ittifoq tuzdi. 60 mamlakat ushbu tashabbusni qo'llab-quvvatladi.

Covid-19 pandemiyasi yana bir bor ko'p qirrali hamkorlikning qanchalik muhim ekanligini aniq-ravshan ko'rsatdi. Viruslar chegara bilmaydi - hamma xavfsiz bo'lmaguncha, hech kim xavfsiz bo'la olmaydi. Shuning uchun dorilar, yordamchi vositalar va vaktsinalar adolatli taqsimlanishi kerak. Germaniya Xavfsizlik Kengashida ham ushbu ishonchni olg'a surdi: 2020-yil avgust oyida Germaniya raisligi ostida qabul qilingan 2532-sonli qaror bilan Xavfsizlik Kengashi mojarolardan zarar ko'rgan odamlar nafasini rostlab olishi uchun Covid-19 ni inobatga olgan holda global sulh tuzishga chaqirdi.

Xavfsizlik Kengashidagi faoliyatning kelajakdagi davomi

Germaniya dunyodagi tinchlikni saqlashga o'z hissasini qo'shishni kelajakda Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zosi sifatida davom ettirishni xohlaydi. "Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashidagi a'zolikni uzoq muddat mobaynida ham amalga oshira olishni bilishimizni so'nggi ikki yil ichida isbotladik", - dedi tashqi ishlar vaziri Xayko Maas. "Shuning uchun biz sakkiz yildan so'ng yana doimiy bo'lmagan a'zolikka nomzodimizni  qo'yibgina qolmay, balki Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zosi bo'lishni istaymiz".

Sahifa boshiga qaytish