Tashqi ishlar sahifasiga xush kelibsiz

Germaniya Federativ Prezidenti Frank-Walter Steinmeierning Natsional—sotsializmdan ozod etilishning va Yevropada Ikkinchi Jahon urushi tugashining 75 yilligi munosabati bilan urush va zolimona hukmronlik qurbonlari xotirasiga bag'ishlangan nutqi 2020-yil 8-may Berlin shahri

Frank-Walter Steinmeier, Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti

Frank-Walter Steinmeier, Bundespräsident der Bundesrepublik Deutschland, offizielles Porträt., © Bundesregierung / Steffen Kugler

20.05.2020 - Maqola

Bugun Yevropada Ikkinchi Jahon urushi tugaganiga 75 yil bo'ldi.

1945 yil 8-mayda natsional-sotsialistlar terrori, bombardimon tunlar va o'lim marshlari, Germaniyaning misli ko'rilmagan jinoyatlari va butun insoniyat sivilizatsiyasini vayron qilgan Xolokost yakun topdi. Aynan bu yer, Berlinda, rejalashtirilgan va boshlangan qirg'in urush, va shu yer, Berlinga halokatli kuch bilan qaytgan joyda - biz bugun birqalikda uni xotirlashni xohladik.

Buni biz ko'p sonli qurbonlar bilan bizning qit'ani ozod qilgan g'arb va sharqlik ittifoqchilar vakillari bilan birgalikda esga olishni xohladik. Nemis okkupatsiyasi aziyatlarini boshidan kechirgan va shunga qaramasdan yarashishga tayyor bo'lgan Yevropaning turli tomonlaridan bo'lmish sheriklarimiz bilan birgalikda esga olishni xohladik. Nemis jinoyatlaridan omon qolganlar va bizga qo'l uzatgan aksariyat qurbonlarning avlodlari bilan birgalikda eslashni xohladik. Bizning mamlakatimizga barchasini qaytadan boshlash uchun imkoniyat began dunyodagi barcha bilan esga olishni xohladik.

Biz usha vaqtlarni o'z boshidan kechirgan mamlakatimizdagi keksalar bilan eslashni xohladik. Ular bolalik chog'ida ochlik, qochqinlik, zo'ravonlik va surgunlikdan aziyat chekdilar. Urush tugagandan keyin ular bu mamlakatni sharqda va g’arbda qayta tikladilar.

Bularni esga olishni biz yoshlar bilan ham xohlagan edik. Bugun ular bizdan uch avlod almashgan bo'lsada o'tmish aslida yana nimani aytib berishi mumkinligini so’rashmoqda va ularga qarata men shunday demoqchiman: „Bu sizlarga bog'liq! Aynan Siz bu dahshatli urushdan olingan saboqlarni kelajakka yetkazishingiz kerak!“. Shuning uchun biz dunyoning turli burchaklaridan ajdodlari bir-birlariga dushman bo'lib, hozirda esa do'stlarga aylangan minglab yoshlarni bugun Berlinga taklif qilgan edik.

Shu tarzda biz 8 may kunini birgalikda xotirlamoqchi edik. Ammo koronavirus pandemiyasi bizni biz uchun muhim bo'lgan va biz minnatdor bo'lgan barcha insonlarsiz yolg'iz xotirlashga majbur qilmoqda.

Ehtimol, bu yolg'izlik bizni 1945-yil 8-mayga qaytarayotgandir, chunki o'sha paytlarda nemislar, darhaqiqat, yolg'iz qolgan edilar. Germaniya harbiylari mag'lubiyatga uchragan, siyosiy va iqtisodiy jihatdan yemirilgan va ma'naviy larzaga kelgan edi. Biz butun dunyoni o'zimizga dushman qildik.

Bugun, 75 yildan so'ng, biz bu kunni yolg'izlikda xotirlashga majburmiz, ammo biz yolg'iz emasmiz! Aynan shu holat bugungi kunning quvonchli xabaridir! Biz kuchli, mustahkam demokratiya sharoitida, Germaniya qayta birlashganining 30 yilligida osoishta va yagona Yevropaning yuragida yashayapmiz. Bizga ishonch bildirilgan dunyoning barcha davlatlari bilan hamkorlik va sherikchilik mevalaridan bahramand bo'lyapmiz. Va biz nemislar bugun ozod etilish kuni - minnatdorchilik kuni deya olamiz!

Biz buni yurakdan his qilishimiz uchun uch avlod almashishi kerak bo'ldi. Ha, 1945-yilning 8-may kuni ozod bo'lish kuni edi. Ammo bu kun aksar nemislar ongida va qalbida shunday kunga aylanishi uchun uzoq vaqt kerak bo'ldi.

Ozodlik 1945-yilda tashqaridan kelgan edi. Ozodlik tashqaridan kelishi kerak edi, chunki bu mamlakat o'zi yaratgan kulfatlar, o'zining xatolari girdobiga cho’mgan edi. Germaniyaning g'arbiy qismidagi iqtisodiy qayta tiklanish va demokratik yangilanish uchun ham bizning avvalgi raqiblarimiz bag'rikengligi, mulohazaliligi va yarashishga tayyorligi sabab imkon topildi.

Ammo biz o'zimiz ham ozod bo'lishimizga hissa qo'shdik. Bu ichki ozodlik harakati edi. U 1945-yil 8-mayda, bir kun ichida sodir bo'lmadi. Bu yo'l uzoq va mashaqqatli bo'ldi. Bu anglash va tahlil qilish, xabardorlik va ishtirok darajasini tushunishga urinish, oilalarda va avlodlar o'rtasida beriladigan og'riqli savollar, sukut saqlash va xotiradan chiqarib tashlashga qarshi kurash yo'li edi.

Bu mening avlodimdagi ko'plab nemislar asta-sekin bu mamlakat bilan yarashish uchun ketkazgan o’nyilliklari edi. Bu qo'shnilarimizda yangi ishonch, Yevropa birlashishi jarayonidan to “sharqiy bitimlar” gacha bo'lgan ehtiyotli yaqinlashuv imkoni tug'ilgan o'nyilliklar edi. Va bu mintaqamiz sharqidagi erkinlikka chiqishning baxtli onlari - osoishta inqilob va qayta birlashishgacha - ozodlikka bo'lgan muhabbat va jasurlikni devor endi ushlab qola olmasligining o'nyilliklari ham edi. Ushbu azoblarga to'la tushunib yetish o'nyilliklari bir vaqtning o'zida Germaniyada demokratiya shakllanishi o'nyilliklari bo'ldi.

Ushbu tushunib yetish hozirga qadar davom etmoqda. Xotiraning yakuni bo'lmaydi. Tariximizdan qutulib bo'lmaydi. Chunki xotirasiz biz kelajagimizni yo'qotamiz.

Biz nemislar tariximizga nazar solganimiz, o'zimizning tarixiy mas´uliyatimizni qabul qilishimiz tufayligina dunyo xalqlari bizning davlatimizga yangi ishonch bildirdi. Shuning uchun biz ham o'z taqdirimizni davlatimiz bo'lmish Germaniyaga ishonib topshira olamiz. Ma´rifatli, demokratik vatanparvarlikning mohiyati shundan iborat. Nemis vatanparvarligi senzurasiz, yoruqlik va qorong'uliksiz, quvonch va qayg'usiz, minnatdorchilik va uyatsiz mavjud emas.

Rabi Naxman “ Hech bir yurak parchalangan yurak singari butun bo'la olmaydi”- deb yozgan edi. Germaniya tarixi bu parchalangan tarix, uning negizida millionlab o'ldirilgan va azob-uqubat chekkan insonlar uchun mas´uliyat yotadi.

Buning barchasi yuraklarimizni ezadi. Shu sababli vatanimizni faqat parchalangan yurak bilan sevsa bo'ladi.

Kimda-kim buni ko'tara olmasa, kim yakuniy chiziq tortishni talab qilsa, u xotirasidan nafaqat urush fojiyasi va natsistlar zolimona hukmronligini o'chirishga urinadi, balki u o'sha vaqtlardan buyon erishgan barcha yaxshi ishlarni ham qadrsizlantiradi va bizning demokratiyamiz mohiyatini inkor etadi.

„Inson qadr-qimmati daxlsizdir“. Konstititsiyamizning birinchi jumlasida yozilgan va muhrlanib qolgan ushbu so'zlar Osventsimda nimalar bo'lgani, urush va diktatura vaqtida nimalar ro'y berganini barcha uchun yaqqol namoyon qiladi. Yoq, xotira emas, xotirani unutish tashvish keltiradi. Mas´uliyatni tan olish sharmandalik emas, balki uni inkor etish sharmandalikdir.  

Biroq bizning tarixiy mas´uliyatimiz bugun 75 yildan so'ng nimani anglatadi? Bugun biz his qilayotgan minnatdorchilik bizni harakatsiz bo'lish qulay ekanligiga undashi kerak emas. Aksincha xotirlash bizdan kuch talab qiladi va zimmamizga mas´uliyat yuklaydi!

Urush tugaganidan so'ng biz „Boshqa hech qachon!“ deb qasam ichganmiz. Biz nemislar uchun ushbu „Boshqa hech qachon“ avvalo „Hech qachon yolg'iz qolmaslik!“ ni anglatadi. Ushbu so'zlarning maʼnosi Yevropada boshqa joylardan ko'ra ancha chuqurdir. Biz Yevropa birdamliligini saqlab qolishimiz kerak. Biz Yevropaliklar singari tafakkur qilishimiz, his etishimiz va harakat qilishimiz lozim. Agar biz Yevropa birdamliligini pandemiya davrida yoki undan so'ng saqlab qola olmasak, biz 8-may sanasiga loyiq bo'lmay qolamiz. Yevropa muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, bizning „Boshqa hech qachonimiz!“ ham muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

Jahon hamjamiyati ushbu qasam „Boshqa hech qachon!“ dan saboq oldi. Jahon hamjamiyati 1945-yildan so'ng fojiya saboqlariga tayanib inson huquqlari va xalqaro huquq, tinchlik va hamkorlik qoidalariga asoslangan umumiy poydevor yaratdi.

Kulfat o'z yo'lini bizning davlatimizdan boshlagan. Bu davlat o'tgan yillar mobaynida xalqaro tartibga tahdiddan uning tayanchiga aylandi. Shuning uchun biz bugun ushbu osoishta tartib ko'z oldimizda buzilishiga yo'l qo'ymasligimiz kerak. Tartib uni tuzganlardan uzoqlashib ketishiga biz ko'nmasligimiz kerak. Biz dunyoda hamkorlik kam emas ko'p bo'lishini xohlaymiz, shu jumladan pandemiyaga qarshi kurashdagi hamkorlikni.

„8-may ozod qilish kuni edi“. O'ylashimcha Rixard fon Vaytszekerning ushbu mashhur iborasini bugun yangidan va boshqacha o'qishimiz lozim. O'sha paytda bu ibora o'tmishimizni anglash jarayonidagi muhim bosqich bo'lgan. Bugun esa, u kelajagimizga qaratilgan bo'lishi lozim. Darhaqiqat, "ozod qilish" hech qachon tugallanmaydi va bu biz shunchaki passiv ravishda boshdan kechiradigan emas, balki bizni faollikka, har kuni yangilikka undaydigan jarayondir.

O'sha paytda bizni ozod qilishdi. Bugun biz o'zimizni o'zimiz ozod qilishimiz kerak!

Yangi millatchilik vasvasasidan ozod qilishimiz kerak. Avtoritarlik jozibaliligidan. Millatlar o'rtasidagi ishonchsizlik, ajralib olish va adovatdan. Nafrat va g'azab, ksenofobiya va demokratiyaga hurmatsizlikdan - chunki ular yangi qiyofadagi eski yovuz ruhlardan boshqa narsa emas. 8-may kuni biz Xanau, Xalle va Kassel qurbonlarini ham xotirlaymiz. Koronavirus tufayli ular xotirasi o'chmaydi!

"Agar bu holat shu yerda ro'y berishi mumkin bo'lsa, u hamma joyda sodir bo'lishi mumkin." Isroil prezidenti Reuven Rivlin Xolokostni xotirlash kuni munosabati bilan Germaniya Bundestagi minbaridan shu so'zlar bilan bizga yuzlandi. Agar bu holat shu yerda ro'y berishi mumkin bo'lsa, u hamma joyda sodir bo'lishi mumkin. Ammo bugungi kunda bizni bu xavf-xatarlardan xalos qila oladigan hech kim yo'q. Biz buni o'zimiz qilishimiz kerak. Biz javobgarlikni o'z zimmamizga olish uchun ozod qilindik.

Men bu yil 8-may jiddiy o'zgarishlar va katta majhulliklar davriga to'g'ri kelganini fahmlab turibman. Nafaqat koronavirus pandemiyasi, lekin asosan u tufayli. Bugun biz ushbu inqirozni qachon va qanday yengib o'tishimizni hozircha bilmaymiz. Ammo biz bu yo'lni qanday boshlaganimizni bilamiz – mamlakatimizga, demokratiyamizga ishonch bilan, birgalikda ko'p ishlarni uddalashimizga amin bo'lib boshladik. Bu biz 75 yil davomida cheksiz ko'p narsaga erishganimizni tasdiqlaydi va menga oldimizda turgan barcha ishlarni uddalashimizga umid baxshida etadi.

Biz koronavirus tufayli birgalikda xotirlash marosimlarini o'tkaza olmaymiz. Ammo keling sukunatdan foydalanaylik. Keling o'yga cho'maylik.

Men barcha nemislarni urush va natsional—sotsializm qurbonlari xotirasini bugun sukunatda yod etishga chorlayman. Qayerdan kelib chiqishingizdan qat'iy nazar xotiralaringizga, oila a'zolaringiz xotiralariga, umumiy mamlakatimiz tarixi haqidagi xotiralarga cho'ming. 8-may kuni yuzaga kelgan ozodlik hayotingiz va amallaringiz uchun nimani anglatishini o'ylab ko'ring!

Urush tugaganidan 75 yil o'tib biz nemislarda minnatdor bo'lish uchun ko'plab sabablar bor. Ammo o'shandan beri yaratilgan yaxshi narsalarni hech birining abadiy turishi ta'minlanmagan. Ozod qilish 8-mayda tugallanmadi. Ozodlik va demokratiya o'sha kunning doimiy nasihati, bizning nasihatimizdir!

Sahifa boshiga qaytish